Parrandachilik faoliyatida ekologik normativlarga rioya etish masalasi o‘rganildi
2026-09-29 11:55:00 / Yangiliklar

Murojaatda ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganish maqsadida Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Toshkent viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Ekopolitsiyasining Zangiota tumani xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida mazkur hududda “JAJI JO‘JALAR” MChJ tomonidan jo‘ja boqilayotgani hamda hududda qushxona mavjud emasligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi 234-son qaroriga muvofiq, mazkur faoliyat atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning III toifasiga mansub hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu faoliyat qarorning 1-ilovasida belgilangan, davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi majburiy bo‘lgan faoliyat turlari va obyektlar ro‘yxatining 203-bandida nazarda tutilgan parrandachilik fermalari faoliyatiga mos keladi.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablar bajarilishini ta’minlash sharti bilan “JAJI JO‘JALAR” MChJ uchun atmosferaga tashlamalarning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan miqdorlari (TChM), shuningdek, chiqindilarning hosil bo‘lishi va joylashtirilishining ekologik normativlari (ChChM) bo‘yicha materiallarni ishlab chiqish mumkin.
Shu bilan birga, obyekt rekonstruksiya, modernizatsiya, qayta tashkil etish, kengaytirish yoki uning joylashuvini o‘zgartirish kabi ishlar amalga oshirilgan taqdirda, atrof-muhitga ta’sirni baholash talab etiladi. Bunday holatda atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risidagi ariza loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun taqdim etilishi lozim.






