Toshkentda sanoatni «yashil» texnologiyalarga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi
2026-09-07 11:30:00 / Yangiliklar

Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi, Jahon banki guruhi, xalqaro moliya institutlari, bank sohasi va sanoat korxonalari vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Seminarda sanoat ifloslanishini kamaytirish Atmosfera havosini muhofaza qilish milliy dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Davlat ekologik ekspertiza markazi Bosh direktori o‘rinbosari Vyacheslav Shi-syan ma’ruza qildi.
Milliy dastur atmosfera havosiga tushayotgan ekologik yuklamani kamaytirishga qaratilgan. Unda sanoat manbalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalarni tutib qolish va zararsizlantirish ulushini oshirish, PM2,5 bo‘yicha milliy me’yorlardan yuqori ko‘rsatkich qayd etiladigan kunlar sonini kamaytirish, shuningdek, transport vositalaridan chiqadigan chiqindilar hajmini qisqartirish kabi maqsadlar belgilangan.
Tadbirda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga kiruvchi korxonalarni texnologik modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Eng yaxshi qulay texnologiyalarni joriy etish nafaqat chiqindilarni kamaytirish, balki energiya va resurslardan samarali foydalanish, xomashyo hamda yoqilg‘i sarfini qisqartirish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish va korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Seminarning birinchi sessiyasida O‘zbekistonda yashil moliyalashtirish taksonomiyasining sanoat ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan loyihalarni ustuvorlashtirishdagi roli, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining asosiy manbalari bo‘yicha Jahon banki baholari, shuningdek, eng yaxshi qulay texnologiyalarni joriy etish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar muhokama qilindi.
Ekologik modernizatsiyani aniq investitsiya loyihalariga aylantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ekspertlari qarz oluvchilarga qo‘yiladigan ekologik va ijtimoiy talablar, shuningdek, Jahon banki guruhining xalqaro sanoat amaliyoti bo‘yicha yondashuvlarini taqdim etdi.
Ishtirokchilar loyihalarni imtiyozli va tijorat asosida moliyalashtirish masalalarini muhokama qildi. Bunda xalqaro taraqqiyot institutlari hamda O‘zbekiston banklari tomonidan qo‘yiladigan talablarga alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish, gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, avtomatik monitoring tizimlarini joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va resurs tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish uchun investitsiya jalb qilish masalalari dolzarb ekani ta’kidlandi.
Seminarning amaliy qismida sanoatning ayrim tarmoqlari bo‘yicha loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, sement sanoatida chiqindilardan olingan RDF yoqilg‘isidan foydalanish, munitsipal issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, ekoindustrial parklarda yashil va o‘tish davri loyihalarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida korxonalarning eng yaxshi qulay texnologiyalarga o‘tishi uchun moliyalashtirish mexanizmlariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda korxonalarning o‘z mablag‘lari bilan bir qatorda yashil va barqaror moliyalashtirish instrumentlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Seminar natijasida «ekologik talablar — NDT — investitsiya loyihasi — yashil moliyalashtirish — ifloslanishni kamaytirish» o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, eng yaxshi mavjud texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tish O‘zbekistonda sanoatni modernizatsiya qilish, atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishish va atrof-muhitga ekologik yuklamani izchil kamaytirishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.









