Ekologik baholash tizimiga zamonaviy xalqaro mexanizmlar joriy etiladi
2026-07-23 18:00:00 / Yangiliklar

Bugungi globallashuv jarayonlarida mamlakatimizda ekologik ekspertiza sohasini takomillashtirish maqsadida 2025-yilda amaldagi “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2026-yil 11-mayda esa mazkur qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholashning yangi mexanizmlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 234-son qarori qabul qilindi.
Qaror loyihasi bilan yangi tahrirda qabul qilingan qonun ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan quyidagi bir qator tartiblar, xususan, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish hamda atrof-muhitga ta’sirni baholashni o‘tkazish tartiblari tasdiqlandi.
Bunda, amalda 4 ta toifaga bo‘lingan ekologik ekspertiza obyektlari bittaga qisqartirilmoqda, bu o‘z navbatida atrof-muhitga ta’siri kam bo‘lgan minglab kichik biznes vakillarining ekologik ekspertiza jarayonlariga tortilmaslik imkoniyatlarini yaratadi. Obyektlarning tarmoqlar kesimida berilishi esa huquqni qo‘llash amaliyotida chalkashliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat ekologik ekspertizasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali amalga oshirish tartibining belgilanishi davlat ekologik ekspertiza sohasining shaffofligini ta’minlab beradi.
Shuningdek, ekologik ekspertiza subyektlarining huquq va majburiyatlari, ekologik xulosalar bo‘yicha muammoli masalalarni kollegial hal etish institutlari, atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari va ekologik normativlarni ishlab chiqishda xalqaro hujjatlar, xususan, Parij kelishuvi, Bazel, Bio-xilmaxillik konvensiyalari doirasida olingan majburiyatlar ijrosiga yo‘naltirilgan huquqiy asoslar joriy etilmoqda.
Jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish hamda jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirish tartiblarining ishlab chiqilganligi ekologik qarorlar qabul qilishda demokratik qadriyatlarni mustahkamlashda muhim hujjat sifatida e’tirof etiladi.
Mazkur hujjatlar Orxus konvensiyasi doirasida olingan majburiyatlar ijrosini ta’minlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
Shuningdek, loyihachilar faoliyatini tashkil etish va ularning reytingini yuritish hamda malaka sertifikatini berish tartiblari, loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar faoliyatini tashkil etish, ularning ish samaradorligini va ishlab chiqiladigan hujjatlar sifatini baholash maqsadida ularning reytingini yuritish, shuningdek, loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan xodimlarga qo‘yilgan talablar, ularga malaka sertifikatini berish tartiblari belgilanmoqda.
Ta’kidlash joizki, ekologik baholash tizimida strategik ekologik baholash xalqaro amaliyotning ustuvor tadbirlaridan biri hisoblanadi.
Strategik ekologik baholash bo‘yicha ekologik ma’ruzani tayyorlash va uning sifatini baholash tartibi o‘z navbatida davlat dasturlari, konsepsiyalari va shaharsozlik hujjatlari kabi strategik hujjatlarning barqarorligini ta’minlaydi.
Davlat ekologik ekspertizasi organlari tomonidan birgina 2025-yilda 49 620 ta ekologik ekspertiza xulosalari berilgan bo‘lib, shundan 700 ga yaqin loyiha ekologik talablarga javob bermaganligi aniqlangan. Qaror bilan loyihachilarga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va loyiha tashkilotlari reytingini shakllantirishning huquqiy asoslari belgilanayotganligi o‘z navbatida ular tomonidan ekologik talablarga javob bermaydigan loyiha hujjatlarini tayyorlashni oldini olishga xizmat qiladi.
Yangi qaror bilan ekologik baholash tizimiga zamonaviy xalqaro mexanizmlarni joriy etish atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, ekologik xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi. Bu jarayon nafaqat tabiatni asrash, balki kelajak avlod uchun sog‘lom va xavfsiz muhit yaratishda ham muhim omil bo‘ladi.
