Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi: ekologik ekspertiza masalalari xorijiy mutaxassislar bilan muhokama qilindi
2026-07-15 16:30:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Unda Davlat ekologik ekspertizasi markazi rahbariyati va mutaxassislari, “UzAirports” AJ vakillari, shuningdek, Yaponiya va Koreyadan xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar AMTB hujjatlarini tayyorlash jarayoni, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishning milliy tartib-taomillari, xalqaro ekologik va ijtimoiy talablar hamda loyihani amalga oshirishdagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda xalqaro moliya institutlarining talablari asosida ekologik va ijtimoiy boshqaruv tizimini takomillashtirish, loyiha hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishning amaldagi tartibi hamda barcha manfaatdor tomonlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar strategik loyihani amalga oshirishda hamkorlikni yanada mustahkamlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda “Yangi Toshkent xalqaro aeroporti” qurilishida zamonaviy ekologik va ijtimoiy talablarni to‘liq joriy etish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.








