O‘zbekiston Orxus konvensiyasi sammitida: ekologik ochiqlik va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qatʼiy munosabat
2025-11-21 09:30:00 / Yangiliklar

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘ayrat Muxamedov mazkur xalqaro forumda mamlakat nomidan qatnashmoqda. Yuqori darajadagi yig‘ilish dunyoning turli mamlakatlari ministrlari, milliy agentlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarini o‘zida jamladi.
Yig‘ilishning markaziy mavzusi iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kabi “uch karra sayyoraviy inqiroz” sharoitida Orxus konvensiyasi va PRTR protokolining ahamiyatini oshirishga qaratilgan.
Panel muhokamalarida:
• ekologik maʼlumotlarga ochiq va teng dostupni taʼminlash,
• qaror qabul qilish jarayonlariga jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish,
• ekologik javobgarlik mexanizmlarini takomillashtirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha xalqaro tajribalar taqdim etilmoqda.
Shuningdek, global geosiyosiy beqarorlik sharoitida jamoatchilik huquqlarini himoya qilishga qaratilgan Jeneva deklaratsiyasi loyihasi ham muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zbekistonning mazkur forumda ishtirok etishi mamlakatda ekologik ochiqlik, atrof-muhitga taʼsirni baholash, ekologik monitoring va jamoatchilikka ekologik maʼlumotlardan foydalanish huquqlarini mustahkamlash borasida xalqaro standartlarga uyg‘un islohotlar amalga oshirilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ekologiya sohasida qabul qilinayotgan qarorlarni shaffoflashtirish, fuqarolarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha fikr bildirish imkoniyatlarini kengaytirish va ekologik maʼlumotlarni ochiqlashtirish O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalish ekanligi taʼkidlandi.


