Madaniy meros agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025-02-11 12:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10-fevral kuni Madaniy meros agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilangan a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishning kun tartibidan Jamoatchilik kengashi raisini saylash va a’zolarini tayinlash hamda Agentlikning 2024-yilgi faoliyati va joriy yilda amalga oshirish mo‘ljallangan rejalarni muhokama qilish masalalari o‘rin oldi. Yig‘ilishni Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyev ochib berdi.
Ma’lumki, 2024-yilning 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-124-son farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash, Madaniy meros agentligi faoliyatining samaradorligini oshirish hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida Jamoatchilik kengashining tarkibi yangilandi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi lozimligi ta’kidlandi. Kengash faoliyatining tashkil etilishi Madaniy meros agentligi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutib, har bir xodimda o‘z ishiga mas’uliyat ortishi, yurtga daxldorlik tuyg‘usi shakllanishiga xizmat qilishi haqida ham so‘z bordi.

Shuningdek, yig‘ilishda Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilan tarkibi tanishtirildi va bir ovozdan 2025-yil uchun Kengashning raisi etib O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ismailova Jannat Hamidovna saylandi. Yig‘ilishda Kengash a’zolariga Agentlikning 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi va belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarish yuzasidan fikr almashildi. Yig‘ilishda Kengashning 2025-yilga mo‘ljallangan aniq tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun, Jamoatchilik kengashi tarkibi rais, rais o‘rinbosari, kotib va a’zolardan iborat bo‘lib, kengashning qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega hisoblanadi. Ular davlat organi rahbarining qaroriga asosan tuzilib, unga mehnat faxriylari, obro‘li fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qabul qilinadi.
Jamoatchilik kengashining to‘liq tarkibi yaqin kunlarda Agentlik rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi.
