Buxoroda O‘zbek-italyan restavratsiya o‘quv markazi faoliyat boshladi
2024-10-25 21:10:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 23-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va Italiya Savdo agentligi hamkorligida Buxoro shahrida O‘zbek-italyan restavratsiya o‘quv markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Agostino Pinna, Italiya Savdo agentligi ijrochi direktori Laura Granara, Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari Aziz Aripdjanov, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorovlar ishtirok etishdi. Ayni jarayonda tegishli bayonnoma imzolanib, kelgusidagi rejalar bo‘yicha kelishib olindi.
Ushbu hujjat ikki mamlakat o‘rtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, har ikki tomonning iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatga molikdir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan Italiya Savdo agentligi hamkorligi asosida tashkil etilgan mazkur markaz madaniy merosni asrab-avaylash va restavratsiya sohasida yetakchi mavqeni egallagan mamlakat hisoblangan Italiya bilan tajriba almashish yo‘lidagi muhim qadam sanaladi. U kadrlar tayyorlash va kasbiy o‘sish uchun muhim maskanga aylanishi kutilmoqda.
Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad restavratsiya sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirishdan iborat.