Vengriyada “O‘zbek kino kuni” bo‘lib o‘tmoqda
2025-02-01 15:00:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Vengriyaning Budapesht shahrida “O‘zbek kino kuni” o‘tkazilmoqda.
Ushbu kino kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi va Vengriya milliy kino instituti hamda O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi ko‘magida ilk bor “O‘zbek kino kuni” tashkil etildi.
Ushbu tadbirda kino muxlislarning mehrini qozongan “Ilhaq”, “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” hamda yaqinda premyerasi bo‘lib o‘tgan “House” va “Pandemiya” filmlarining namoyishi rejalashtirilgan.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev boshchiligidagi kinoijodkorlar delegatsiyasi ishtirok etishmoqda.
“PANDEMIYA” filmi haqida
Filmda 2019-yil butun dunyo boshiga tushgan “Koronavirus” epidemiyasining O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va bu tahlikali vaziyatda xalqimizning o‘zaro mehr oqibati, birdamlikligi, sinovlarga bardoshi va mazkur jarayonda davlatning xalq oldidagi majburiyatlari ifoda etiladi.
Notanish dard qarshisida ojiz qolgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Qoraboyev ushbu virusga chalingan ilk bemorni kuzatar ekan undagi holatlar dunyo afkor ommasi bong urayotgan xastalik simptomlariga mos ekanligini aniqlaydi. Zudlik bilan soha vakillarini jamlab vaziyat tizginini o‘z qo‘liga olishga urinadi.
Shifokorlar oylab uyiga bormay, turnaqator kelayotgan bemorlarni davolashga harakat qilishadi. Yo‘qotish iztirobini boshdan kechirishadi. Ammo, mana shunday vaziyatda chin insoniy fazilatlar yuzaga qalqib chiqadi. Kimdir bemorning hayotini saqlab qolish uchun jonini jabborga bersa, tag‘in kimdir shu vaziyatdan ham mo‘maygina daromad orttirish ishtiyoqida qing‘ir ishlarga qo‘l uradi.
Shuningdek, filmda sevgi-muhabbat, or-nomus, kasbga sadoqat kabi umuminsoniy tuyg‘ular baland pardalarda talqin etilgan.
“FARIDANING 2000 QO‘SHIG‘I” filmi haqida
Film voqealari 1917-yilgi rus inqilobidan so‘ng yuz bergan fuqarolar urushi davrida O‘zbekiston qishloqlaridan birida sodir bo‘ladi.
Film qishloqda yashovchi yer egasi haqida hikoya qiladi. Erkakning uch nafar xotini merosxo‘r dunyoga keltirmagan. Shu bois zamindor to‘rtinchisiga uylanishga qaror qiladi. Barcha chigalliklar shundan so‘ng boshlanadi. Xotinlariga yomon munosabat, kundoshlarning o‘zaro ixtilofi yangi munosabatlarni shakllantiradi. O‘ta nozik va tuslanuvchan tabiatga ega rishtalar alaloqibat darz ketadi. Bolsheviklarning hukumat tepasiga kelishi ayollarning jamiyatdagi rolini o‘zgartiradi.
“ILHAQ” filmi haqida
“Ilhaq” filmi haqiqiy voqealarga asoslangan. Filmda Zulfiya Zokirovaning Ikkinchi jahon urushi davridagi hayoti hikoya qilinadi. Zulfiya besh o‘g‘lini urushga kuzatadi. Afsuski farzandlarining hammasi halok bo‘ladi. Ulardan to‘rttasining rafiqasi bor edi, keyinchalik kelinlar boshqa turmush qurmaydi. Zulfiya aya qora maktublar olsa ham, umrining so‘nggi kunlarigacha farzandlarining qaytishiga umid qilib yashaydi. Film Rossiyada halok bo‘lgan urush qahramonlarining qabri haqidagi ma’lumotlar va yodgorlik toshi tasviri bilan tugaydi.
“HOUSE” filmi haqida
Qishloqda fojia yuz beradi: yoshlar orasida keng tarqalgan xavfli chellenjdan beva ayolning yolg‘iz o‘g‘li vafot etadi. Hech qanday jinoiy ish ochilmaydi. Alamzada ayol o‘g‘lining qotilini izlab shaharga yo‘l oladi. U bu yo‘lda yengil hayot tarziga ko‘nikib qolgan TikTokerlar hayoti bilan tanishadi. Ularning o‘tkinchi shon-shuhrat ortidan quvishi, adolat yo‘lida turli to‘siqlar yaratadi. Ayol voqealar rivojida o‘z qadriyatlarini taftish qilib, o‘zini qaytadan kashf etadi.
Ma’lumot uchun, budapeshtlik tomoshabinlar e’tiboriga havola qilinishi kutilayotgan filmlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida suratga olingan bo‘lib, Turkiya, Xitoy, Belarus va Rossiya kabi o‘ndan ortiq mamlakatlarning kinoteatrlarida namoyish qilingan. Bundan tashqari, ushbu filmlar xalqaro kinofestivallarda ham munosib ishtirok etib kelishmoqda.
Vengriyaning Budapesht shahrida “O‘zbek kino kuni” 2-fevralga qadar davom etadi.