Elektromobil haydash endi yanada foydali boʻladi
2024-03-30 21:15:00 / Yangiliklar
Soʻnggi vaqtlarda keng jamoatchilik orasida ekologik muammolar keng muhokama qilinmoqda. Oʻz navbatida mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, yashil energetikani qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shunday chora-tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida aholining yashil energetikada harakatlanuvchi transport vositalari xarid qilishini ragʻbatlantirish maqsadida bunday toifadagi transport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida imtiyoz berilmoqda.
Bunga koʻra, 2024-yil 1-apreldan boshlab avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazishda undiriladigan toʻlov stavkalari elektromobillar, mototransport vositalari va avtotransport vositalari tirkamalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida toʻlov belgilanmoqda.
Elektromobillar, mototransport vositalari va avtotransport vositalari tirkamalaridan boshqa barcha avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun esa – bazaviy hisoblash miqdorining 6,84 baravari miqdorida toʻlov belgilanmoqda.