Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Razzaqovich Bobojonovning 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2024-03-08 08:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari, harbiy tuzilmalar va taʼlim muassasalarida xizmat qilayotgan aziz opa-singillarimizni, faxriy ayollarimizni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar manfaatlarini taʼminlash, jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishiga aylandi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashda, birinchi navbatda, zukko va mehribon ayollarimizga, ularning buyuk murabbiylik fazilatlariga tayanmoqdamiz.
Darhaqiqat, farzandlarimiz qalbiga ulugʻ maqsadlar, olijanob gʻoyalarni singdirish, ularni yuksak fazilatli, mard va jasur, vatanparvar avlod sifatida tarbiyalab voyaga yetkazish munis onalarimizga, ayollarga bogʻliq.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Biz Oʻzbekistonda qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening koʻz oʻngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi”, deya alohida taʼkidlaganlar.
Qadrli xodimalar, aziz opa-singillar!
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida, Ichki ishlar organlarida yigitlar bilan bir safda xalq manfaatlari yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan siz kabi fidoyi ayollarning ham munosib oʻrningiz bor.
Ayniqsa, profilaktika, tergov, jinoyat-qidiruv, yoʻl harakati xavfsizligi, tibbiy xizmat koʻrsatish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha xizmat va yoʻnalishlarda rahbar ayollar soni koʻpaymoqda. Bu ichki ishlar organlarining yanada samarali tuzilmaga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
Muhtarama ayollar, aziz opa-singillar, fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu ayyom bilan yana bir bor tabriklab, Sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Vazir general-leytenant
P.R. Bobojonov
