Qonun muhofazasi va xalq tayanchi: Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bitiruvchilari sharafli xizmatga yoʻl oldilar
2025-06-29 11:00:00 / Yangiliklar

Vatanni sevish, uni koʻz qorachigʻidek asrash – ajdodlar va kelajak avlod oldidagi muqaddas burch. Bugun yurtimizda mana shu burchga sodiq oʻgʻil-qizlar, Yangi Oʻzbekistonning vatanparvar yoshlari kamol topmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bitiruvchilari yosh leytenantlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, sohaviy xizmatlar va Akademiya rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning masʼullari, qator davlat organlaridan mehmonlar, soha faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Bu yil Akademiyaning kunduzgi taʼlim yoʻnalishini “tezkor-qidiruv faoliyati”, “tergov faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “xizmat faoliyatini psixologik taʼminlash”, “axborot xavfsizligi”, “tashkiliy shtab faoliyati” hamda “jazoni ijro etish faoliyati” mutaxassisliklari boʻyicha 696 nafar kursant tamomladi. Shulardan 19 nafari imtiyozli diplom bilan yana ikki nafari muddatidan oldin “katta leytenant” maxsus unvoni bilan yakunlashga muyassar boʻldi.
Oʻtgan uch yil mobaynida ular zamonaviy pedagogik yondashuvlar, milliy va xorijning ilgʻor tajribalari asosida bilim olib, kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlab bordilar. Mashgʻulotlar Akademiya professor-oʻqituvchilari, ichki ishlar organlarining tajribali amaliyot xodimlari, shuningdek turdosh oliy taʼlim muassasalarining malakali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Kursantlar uchun oʻquv jarayoni davomida hududiy ichki ishlar organlarida ish oʻrganish amaliyotlari tashkil etildi.
Shuningdek, dual taʼlim tizimi joriy qilinib, kursantlarga nazariy bilimini amaliyotda qoʻllash imkoniyati yaratildi. Oʻquv dasturlari boʻyicha ular Yakuniy davlat attestatsiya imtihonlarini topshirib, malakaviy diplom ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.
Yana bir muhim jihati, 119 nafar kursant Xitoy va Belarus davlatlarining nufuzli taʼlim muassasalarida tashkil etilgan oʻquv kurslari qatnashib, xorijning ilgʻor tajribalarini oʻrgandi.
Soʻnggi 5-yilda ichki ishlar organlarining oltin fondini tashkil qiluvchi aʼlochi va namunali kursantlardan 18 nafari ichki ishlar vaziri, 8 nafari “Jaloliddin Manguberdi”, 6 nafari “Choʻlpon” stipendiyalariga, 30 nafari “Akademiya aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 38 nafari milliy va xalqaro tanlovlarda yuqori oʻrinlarga sazovor boʻldi.
Shu bilan birga, Akademiya kursantlari Jahon va Osiyo chempionatlarida 16 ta, xalqaro turnirlarda 21 ta, respublika chempionatlarida 129 ta, turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi musobaqalarda 139 ta medalni qoʻlga kiritdilar.
Xususan, Sabina Kamolova, Tofiqbek Akramov, Anvar Hasanov, Dilbar Safarovalar ichki ishlar vaziri stipendiyasiga, Kamron Ismoilov “Jaloliddin Munguberdi” nomidagi stipendiyaga, Farangiz Abdurahmonova “Choʻlpon” stipendiyasiga sazovor boʻlgan boʻlsa, Muyassar Kushmuratova ayollar kurashi, Azizbek Hoshimov kikboksing, Asadbek Murodov qoʻl jangi, Iroda Bekmirzayeva yengil atletika boʻyicha respublika hamda xalqaro nufuzli musobaqalarda bir necha bor gʻolib va sovrindorlar qatoridan oʻrin oldi.
Eʼtiroflisi, muddatidan oldin “katta leytenant” unvoniga sazovor boʻlgan Toshmurod Abdurahmonov “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida taʼlim va innovatsiyalar” hamda “Umummilliy Konstitutsiya imtihoni” milliy tanlovlari, “Yoshlar va qonun” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi, turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Mardlar bellashuvi” koʻrik-tanlovi gʻolibi, MDHning turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan ilmiy tanlovda 1-oʻrin sohibi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzosidir.
Katta leytenant Sabina Kamolova oʻz navbatida Ichki ishlar vaziri stipendiyasi va “Taʼlim iftixori” koʻkrak nishoni sohibasi, turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Konstitutsiya bilimdoni” koʻrik-tanlovi va “Yosh tashabbuskor – 2023” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi, shuningdek turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” koʻrik-tanlovida 1-oʻrin sohibasi hisoblanadi.
Tadbirda bitiruvchilarga yuzlangan Ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Toshpulatov – xizmatda har qanday murakkab sharoitda qasamyodlariga sodiq qolishlarini, xizmat vazifalariga halol, vijdonan yondashib, burchlarini yuksak masʼuliyat bilan ado etishlarini, inson huquqlariga qatʼiy rioya qilgan holda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har qanday tajovuzlardan himoya qilishlarini, shuningdek muntazam oʻz ustilarida ishlab, kasbiy bilim va koʻnikmalarni yuksaltirib borish va xalqparvar ichki ishlar organi xodimi degan sharafli nomga munosib boʻlish haqida uqtirib oʻtdi.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan yoshlarning buguni va kelajak taqdiri yoʻlida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, fidoyi va tashabbuskor yoshlar qoʻlga kiritayotgan yutuqlari eʼtirof etilib, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilish zarurligi taʼkidlandi.









