Toshkent viloyati IIBB boshligʻi “Boʻston” mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi
2024-02-21 22:00:00 / Yangiliklar

Fuqarolarning ogʻirini yengil qilish, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, umuman, barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun. Shu maqsadda bugun Toshkent viloyati IIBB boshligʻi Tohir Aripov Boʻka tumani “Boʻston” mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi.
Qabulda tuman hokimligi, masʼul tashkilot va korxonalar vakillari, mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda fuqarolar, mol-mulki va boshqa buyumlarni olib qaytarmaslik, surishtiruv va tergov, ichki ishlar organlariga ishga va tizimdagi oʻqishga kirish, xodimlarning xatti-harakati, ijtimoiy himoya va moddiy yordam berish, davolanish, elektr-energiya, kadastr, yoʻl harakatida xavfsizlikni taʼminlash va boshqa turdagi 50 ga yaqin masala bilan murojaat qildilar.
Sayyor qabul davomida aholi murojaatlarining bir qismi shu joyning oʻzida ijobiy hal etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etadigan murojaatni koʻrib chiqish nazoratga olindi.
Bir soʻz bilan aytganda, sayyor qabul aholi muammolariga yechim topishda ayni muddao boʻldi.
Hozirda shahar-tumanlar kesimida 3-sektor rahbarlarining aholi bilan sayyor uchrashuvlari davom etmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati









