Fidoyi xodimlar. Tergov: sabab, dalil va xulosa uygʻunligi
2025-06-17 12:40:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati. Bugungi kun tergovchisi qonun va kodekslar, xalqaro huquqiy normalarini ham oʻzlashtirishi, bundan tashqari, jinoyatlarni keltirib chiqargan sabablarni oʻrganib, ularni bartaraf qilish boʻyicha aniq takliflar berishi nihoyatda muhim.
Mayor Umidjon Yusupov IIV Akademiyasini tamomlagach, 2014-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilmoqda. U xizmat faoliyatining dastlabki bosqichida Oʻrtachirchiq tumani IIBda tergovchi, katta tergovchi sifatida xizmat qilib, soha sir-asrorlarini astoydil oʻrgandi. Bilimi, kirishimliligi hamda ziyrakligi bilan safdoshlari va rahbariyat eʼtiborini qozondi. Qilingan mehnatlar bejiz ketmadi. 2021-yilda Piskent tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasiga boshliq etib tayinlandi. U. Yusupov tumandagi ikki yillik samarali faoliyatidan soʻng hozirgi lavozimi Olmaliq shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasiga rahbar boʻldi.
- Tergov yoʻnalishi xodimlari har bir holatni «nuqta-verguligacha» koʻzdan kechirib, aniq, puxta va inkor etib boʻlmas dalillarga asosan xolisona ish yuritishi zarur. Yaʼni, tergovchilar nafaqat sinchkov, balki mantiq ilmida ham yuqori darajaga ega boʻlishi darkor. Negaki, tergovchilar, tom maʼnoda, tizim «zargarlari»dir. Bu eʼtirofga munosib boʻlish uchun oʻz ustimizda muntazam ishlamoqdamiz, — deydi lavhamiz qahramoni.
Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning soʻnggi uch oyi davomida shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tergovchilari tomonidan 600 dan ziyod tergov ishlari amalga oshirilgan. Tergov jarayonlariga asosan firibgarlik, birovning nomiga kredit rasmiylashtirib, uni toʻlamaslik, oʻgʻirlik va boshqa holatlar asos boʻlgan.
Fuqaro Dilmurod Kimsanov (voqea ishtirokchilarining ism-shariflari oʻzgartirildi) shaharda istiqomat qiluvchi Asqarovlar oilasining voyaga yetmagan farzandini qonunga xilof ravishda oʻgʻirlab, uni oilasi bagʻriga qaytarish evaziga ota-onasidan 200 million soʻm miqdorida pul talab qilib, agar pullarni berishmasa, farzandining hayoti xavf ostida qolishini bildirib, tahdid qilgan. Farzandidan xavotir olgan Asqarovlar ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Natijada bola oʻgʻirlagan shaxs tezkor ravishda qoʻlga olinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, Olmaliq shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abror Poyonov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
