Qashqadaryo viloyati IIBda “Jinoyat protsessida oʻz manfaatlarini himoya qiladigan shaxslar, himoyachilar va vakillar vakolatlari” mavzusida oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi
2024-01-29 11:35:00 / Yangiliklar
Unda Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari boʻyicha sudi, viloyat Advokatlar palatasi, viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.
Boshqarma shahar-tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi va boʻlinmalari tergovchilari videoselektor tarzida ishtirok etgan yigʻilishda tergovga jalb etilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining jinoyat protsessida ishtiroki, himoyachi olishi vakolatlari, rad etishi va davlat tomonidan himoyachi bilan taʼminlanishi borasidagi holatlar atroflicha tahlil etildi.
Tadbirda soʻz olganlar jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxslar toʻrt guruhga, yaʼni, jinoyat protsessual kodeksining 3-bobi jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari va mansabdor shaxslar (sud, prokuratura, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar), 4-bobi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi jamoat birlashmalari, jamoalar va ularning vakillari (jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi), 5-bobi jinoyat protsessida oʻz manfaatlarini himoya qiladigan shaxslar, himoyachilar va vakillar (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining qonuniy vakillari, jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning va fuqaroviy javobgarning vakillari), 6-bobi esa jinoyat protsessida ishtirok etuvchi boshqa shaxslar (guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolislar)ga boʻlinishini taʼkidlashdi.
Viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudi sudyasi Xomid Boboqulov dastlabki tergov davomida tergovchi jinoyatning har bir dalil, hatto mayda holatlargacha hisobga olib, protsessual harakatlarga amal qilgan holda puxta va mukammal tarzda ish olib borish sud jarayonlarini yanada xolis va keyingi bosqichlarda sifatli boʻlishini taʼminlashini bildirdi.
Viloyat Advokatlar palatasi advokati Murod Tursunov gumonlanuvchi va ayblanuvchining oʻzi talab etishi yoki davlat tomonidan himoyachi bilan taʼminlanish tartib va taomillari, himoya orderining amal qilish muddati, qonuniy vakillarning huquq va majburiyatlari xususida soʻz yuritdi.
Bahs-munozara va savol-javoblarga boy tarzda kechgan yigʻilishda ishtirokchilarning jinoyatlarni qonunlarga malakalash borasidagi bilim va malakasi yanada boyidi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati