Hamkasblar va shogirdlar eʼzozida
2023-12-24 12:00:00 / Yangiliklar
Qariyb 35 yil IIVda turli lavozimlarda xizmat qilgan Gʻ. Ahmedov halol mehnati ortidan obroʻ orttirdi, yillar davomida oʻz shaʼniga zarracha gard yuqtirmadi. Kuni kecha oʻzi faoliyat yuritgan IIV Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamentida fidoyi xodimni izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda IIV Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Nuriddin Xodjayev va qahramonimizning hamkasblari hamda shogirdlari ishtirok etib, oʻzlarining samimiy dil izhorlarini bildirishdi.
– Polkovnik Gʻulomjon Ahmedov ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, oʻzining mehnatsevarligi, tirishqoqligi bilan koʻpchilikka namuna boʻlgan, – deydi polkovnik Nuriddin Xodjayev. –
U kishi yuklatilgan vazifalarni ado etishga vijdonan yondashadigan, rahbariyatning har bir topshirigʻini oʻz vaqtida va sifatli bajaradigan, hamkasblariga ham qoʻlidan kelganicha beminnat yordam beradigan bagʻrikeng inson.
Shu oʻrinda polkovnik G‘.Ahmedovning koʻp yillik xizmat faoliyatiga eʼtibor qaratsak, ayni muddao boʻlardi. Chunki u bosib oʻtgan yillar va yoʻllarda Vatanimiz mustaqilligini yovuz kuchlardan himoya qilishda koʻrsatilgan mardlik va jasorat bor boʻyi bilan namoyon boʻladi. Xususan, u IIV Maxsus vazifalarni bajarish otryadi komandirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritishi mobaynida Toshkent shahridagi xunrezliklar, Andijon voqealari va Toshkent viloyatining chegara hududlaridan yurtimiz sarhadlarini buzib kirishga uringan terrorchilar bilan boʻlgan ayovsiz kurashlarda bevosita ishtirok etganligini alohida taʼkidlab oʻtish joiz.
Albatta, bunday fidokorlik, yurt oldidagi xizmatlar alohida eʼtirof etiladi. U fidokorona xizmatlari uchun davlatimizning yuksak mukofotlari – II darajali “Shon-sharaf” ordeni va “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Turmush oʻrtogʻi Feruza opa bilan uch oʻgʻil, uch qizni tarbiyalab, el koriga yaraydigan farzandlar etib voyaga yetkazishdi. Hozirda ular 5 nafar nabiraning mehribon bobosi va buvisi sifatida umrguzaronlik qilmoqda. Quvonarlisi, Gʻulom akaning egiz oʻgʻillari – Hasan va Husan Ahmedovlar otasining izidan ketishga qaror qilishdi. Ular ayni kunlarda ichki ishlar organlariga xizmatga kirish uchun hujjat topshirishgan.
Tadbir soʻngida Gʻulomjon Ahmedovga anʼanaga koʻra, milliy toʻn kiydirildi. Oʻz navbatida, pensiyaga kuzatilayotgan xodim kelgusida ham xizmat joyiga kelib turishini, qoʻlidan kelgan yordamini ayamasligini, shuningdek, samimiy hurmat-eʼtibor uchun minnatdorligini bildirdi.
Sarvar SOBIROV, oʻz muxbirimiz. “Postda”