“Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi”ning yangi binosini hamda “Farzandlarini maʼnaviyatga yetaklayotgan ichki ishlar organlari xodimi”ning ramziy haykalini tantanali ochilish marosimi tashkil etildi
2023-12-02 20:30:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tizimida ilk tarixiy muzey 1974-yilda tashkil etilgan boʻlib, mustaqillik yillarida qayta rekonstruksiya qilingan. Shuningdek, 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan vazirlik binosida “Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi” kengaytirilgan va tarixiy eksponatlarga boyitilgan holda foydalanishga topshirilgan edi.
Yangi barpo etilgan “Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi” vazirlik rahbariyati tashabbusi bilan nafaqat soha xodimlari va tizim mehmonlari uchun, balki keng jamoatchilik, keksa avlod vakillari hamda yoshlar tomonidan oʻrganish va foydalanishlariga keng imkon berish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga qarashli “JAR” kompleksida yaratildi.
Muzeyning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, soha masʼullari va faxriylar qatnashdilar.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov soʻzga chiqib, tizim tarixini oʻrganish va saboq chiqarish oʻsib kelayotgan yoshlar uchun chinakam hayot maktabi boʻlishini, yurtga sadoqat va mardlik gʻoyalarini shakllantirishda muhim vosita ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, mazkur bunyodkorlik ishlarida alohida jonbozlik koʻrsatgan soha fidoiylari, bir guruh faxriylarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Shundan soʻng masʼullar va faxriylar tomonidan ramziy lenta kesilib, mehmonlar muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishishdilar.
Taʼkidlash oʻrinli, muzeydagi tarixning oldingi davrlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasining shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari, turli yillardagi xizmat kiyimlari, tabel qurollari, uskuna va maxsus vositalar namunalarini, ichki ishlar organlarini shakllanishi tarixini koʻrish mumkin.
Ushbu yangidan tashkil etilgan muzey 800 kv. metrni tashkil etib, avvalgisidan deyarli ikki baravar katta hududda joylashtirildi. Eksponatlar soni ham toʻrt mingdan ziyodni tashkil etdi. Vazirlikning barcha sohaviy xizmatlari tarixini aks ettirgan alohida burchaklar tashkil etildi.
Jumladan, “Oʻzbekiston hududida xavfsizlik va ichki tartibni saqlovchi tuzilmalarning shakllanishi”, “Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar”, Vazirlik sohaviy xizmatlari faoliyati, “Ichki ishlar organlari tizimida kadrlar tayyorlash, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligi hamda ularning ijtimoiy muhofazasi”, “Yangi Oʻzbekiston — yangi ichki ishlar organlari” kabi yoʻnalishlar, shular jumlasidandir.
Muzeyda shuningdek, vatan oldidagi xizmat burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan mard oʻgʻlonlar xotirasiga alohida pavilyon ajratilib ularning hayot yoʻllari va qahramonliklari toʻliq yoritilgan.
Muzey tashqarisida “Farzandlarini maʼnaviyatga yetaklayotgan ichki ishlar organlari xodimi” ramziy haykalining bunyod etilishida esa alohida maʼnaviy-maʼrifiy maʼno mujassam.
Yoshlarni maʼnaviy yuksalishida, milliy oʻzlikni anglashida, haqiqiy vatanparvarlik gʻoyalarini qaror toptirishda mazkur muzey xalqimizga uzoq yillar xizmat qilishi shubhasiz.
IIV Axborot xizmati









