Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari ishtirokida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2024-07-30 10:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev Qirgʻiziston Respublikasida boʻlib, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Oktyabr Urmambetov bilan uchrashdi.
Dastavval, Vazir oʻrinbosarlari jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasida qilingan ishlar yuzasidan fikr almashdi. Muzokara jarayonida huquqbuzarliklar chuqur tahlil etilib, sohada hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida keyingi yillarda butun dunyo miqyosida tobora avj olib borayotgan kiberjinoyat, oʻgʻrilik, firibgarlik va tovlamachilik kabi jinoyatlar oqibatida fuqarolarning mol-mulkiga tahdid koʻpayib borayotganligi va uning oldini olish taʼsir-choralari haqida ham soʻz bordi.
Shuningdek, xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish va tajriba almashish boʻyicha ham oʻzaro fikrlar tinglandi.
Uchrashuv davomida general-mayor Bekmurod Abdullayev Qirgʻiziston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Davlat masʼullari sohada hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Mazkur uchrashuv har ikki tomon uchun manfaatli boʻldi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati