“Odam savdosiga qarshi kurashda oʻttiz kunlik hamkorlik” oyligini yakunlashga bagʻishlangan “Odam savdosiga qarshi kurash: milliy yondashuvlar va xalqaro standartlar” konferensiyasi yakunlari
2024-07-29 17:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 29-iyul kuni odam savdosiga qarshi kurashish oyligi doirasida oʻtkazilgan axborot kampaniyasi yakunlariga, shuningdek barcha manfaatdor tomonlarning kelgusidagi hamkorligining asosiy yoʻnalishlarini muhokama qilishga bagʻishlangan “Odam savdosiga qarshi kurash: milliy yondashuvlar va xalqaro standartlar” mavzusidagi yakuniy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri – odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya raisi Poʻlat Bobojonov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshanbek Alimov, Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy koordinatori Zeynal Gadjiyev, Elchi Antti Karttunen - YEXHTning Oʻzbekistondagi loyiha koordinatori, shuningdek milliy komissiya aʼzolari, diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarining masʼullari qatnashdilar.
Konferensiyadan koʻzda tutilgan asosiy maqsad, erishilgan natijalarni baholash, tajriba almashish, shuningdek, milliy va xalqaro miqyosda odam savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat. Odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashishda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va nodavlat-notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda “Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha milliy amaliyotlar va ularning tahlili” hamda “Odam savdosidan jabrlanganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish: Hozirgi holat va xalqaro standartlar” kabi mavzular alohida sessiyalarda koʻrib chiqilib, keng muhokama qilindi.
Tadbir soʻngida ishtirokchilar “Odam savdosiga qarshi kurash: milliy yondashuvlar va xalqaro standartlar” konferensiyasi yakunlariga bagʻishlangan Kommyunike qabul qildilar.