Ustoz — shogird. “Undan umidimiz katta”
2024-07-29 00:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida bilimli, intiluvchan, berilgan har bir topshiriqni aʼlo darajada uddalaydigan xodimlar bisyor. Ana shunday salohiyatli kadrlardan biri Mirobod tumani IIOFMB TQX Jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor-texnik ishlov guruhi katta mutaxassisi, kapitan Shovqiddin Norqobilovdir.
U sohadagi faoliyatini 2017-yili Mirobod tumanida profilaktika inspektori lavozimida boshlagan. Soʻngra oʻzini ekspert-kriminalistika yoʻnalishida sinab koʻrishga qaror qilgan.
— Ikki yildan buyon ustozim -podpolkovnik Farhod Miralimov Jinoyat qidiruv yoʻnalishida malaka va koʻnikmalarimning oshishida oʻz maslahatlarini ayamayapti, -deydi Sh.Norqobilov.
Podpolkovnik Farhod Miralimov tuman IIOFMB TQX Jinoyat qidiruv boʻlimi Qidiruv ishini taʼminlash boʻlinmasi boshligʻi. U qariyb 29 yillik tajribaga ega inson, koʻplab shogirdlarga yoʻl koʻrsatgan ustozdir. Xizmat faoliyati davomida bir necha bor ragʻbatlantirilgan.
- Shovqiddin tengqur hamkasblari orasida oʻtkir zehni va tirishqoqligi, faolligi bilan ajralib turadi. Shaxsiy tarkib oʻrtasida oʻz hurmatiga ega, kelajagi porloq xodimlarimizdan biri. Undan umidimiz katta, — deydi ustoz oʻz shogirdi haqida.
Shovqiddin Norqobilov boʻsh vaqti boʻlishi bilan jinoyatlarni ochish jarayoni tasvirlangan badiiy asarlar mutolaasiga oshiqadi. Yaʼni, detektiv adabiyotlarni oʻqishni aslo kanda qilmaydi. Bu unda har qanday holatda jarayonlarni tez va aniq tahlil qilish koʻnikmasini mustahkamlashga hissa boʻlib qoʻshiladi.
Abror POYONOV, oʻz muxbirimiz.
