2024-yil Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili. Yoshlar bilan muloqot
2024-07-05 19:00:00 / Yangiliklar
Soʻnggi yillarda yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ulkan maqsadga erishish yoʻlida yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularga barcha sohada oʻz iqtidori va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratib berish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Zero, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol yoshlar ertamiz egalaridir.
Poytaxtimizdagi «Yoshlar ijod saroyi»da oʻtkazilgan ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashuvida ham bu borada atroflicha soʻz yuritildi.
Har bir yigit-qiz davlatimiz rahbarining kelajak bunyodkorlariga boʻlgan katta ishonchini oqlash uchun, qaysi sohada faoliyat yuritmasin, astoydil mehnat qilishi, oʻz ustida tinimsiz izla-nishi, zimmasidagi vazifalarni intizom va kuchli iroda bilan bajarishi kerakligi qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, 2021-yildan boshlab, ichki ishlar organlarida iyun oyi «Yoshlar oyligi» deb eʼlon qilinib, eng faol yosh xodimlar ishtirokida yoshlar forumi oʻtkazilishi anʼanaga aylandi.
Jumladan, joriy yilning 19-21-iyun kunlari ichki ishlar organlari yosh xodimlari va harbiy xizmatchilarining IV Respublika yoshlar forumi Qashqadaryo viloyatida oʻtkazildi.
Shu oʻrinda yosh xodimlar orasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va isteʼdodlarni kashf etishga qaratilgan «Eng faol yoshlar yetakchisi», «Toʻmaris izdoshlari», «Zakovat», «Yosh kitobxon», «Quvnoqlar va zukkolar», «Ajdodlar izidan», «Harbiy estafeta», «Jangovar marsh» kabi turli tanlov va musobaqalar oʻtkazib kelinayotganini ham taʼkidlash oʻrinlidir.
Bugungi kunda 485 nafar yosh xodim professional sport bilan doimiy ravishda shugʻullanadi. Ularning 62 nafari xalqaro toifadagi, 272 nafari milliy toifadagi sport ustasi darajasiga erishganligi barchamizni quvontiradi, albatta.
Xususan, shu yil 8-martda Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan bellashuvda professional boksning WBA yoʻnalishida Toshkent viloyati IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimi, mayor Isroil Madrimov jahon chempioniga aylandi.
Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionati va Osiyo oʻyinlarida Toshkent shahar IIBB TVBSO xodimi, leytenant Abdumalik Xaloqov 1 oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Qozon shahrida oʻtkazilgan jangovar sambo boʻyicha xalqaro musobaqada Fargʻona viloyati IIB TVBSO xodimi, serjant Lutfilla Saydamatov oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Shijoatli yoshlarni qilgan mehnati, erishgan yutuqlariga yarasha ragʻbatlantirish, ular orasidan bilimli, halol va jonkuyar xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash juda muhim vazifadir.
Hozirgi kunda hududiy ichki ishlar organlarida 206 nafar yosh xodim (4 nafari ayol) rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.
Masalan: Sevara Xudoyberganova Xorazm viloyati, Muhabbat Xidiraliyeva Sirdaryo viloyati IIB HPB boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari boʻlsa, Salamat Utemuratov Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX boʻlim boshligʻi, Doston Ibragimov Surxondaryo viloyati IIB Kiberxavfsizlik boʻlimi boshligʻi hisoblanadi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda general-leytenant Poʻlat Bobojonov ishtirokchilarga sohaning kecha va buguni, faoliyati davomida toʻplagan tajribalari va soha kishisi zamon bilan hamnafas yashashi va xizmat olib borishi zarurligi xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglab, takliflari bilan qiziqdi. Eʼtiborli jihati yoshlar tilga olgan masalalar vazirlikning tegishli rahbarlariga oʻrganish va zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun yoʻnaltirildi.
Oʻz navbatida, bilim va iqtidori, tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yosh xodimlarning bir guruhi 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan turli idoraviy mukofotlar bilan ragʻbatlantirildi.
Shuningdek, ularning 7 nafariga ragʻbatlantirish tariqasida muddatidan oldin maxsus unvon, 44 nafariga imtiyozli uy va ssuda mablagʻlari ajratish boʻyicha vaucherlar taqdim etildi.
©️ «Postda» gazetasi