Jazoni ijro etish tizimida. Qalbda adolat mayogʻi bilan
2024-06-29 07:05:00 / Yangiliklar

Inomjon 2011-yilda tergov hibsxonasida ilk xizmat faoliyatini boshlagan edi. Oʻsha kezlari unga mayor Noʻmon Aʼzamov, podpolkovnik Jonibek Joʻrayev kasb sirlarini oʻrgatib, ustozlik qilishgan. U har bir mahkum va mahbusga xushmuomalada boʻladi, qonun talablarini yotigʻi bilan tushuntiradi.
Lavhamiz qahramoni yigʻma-jildlarni yuritish, hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha boy tajriba toʻplagan. Bu borada unga ancha-muncha huquqshunoslar havas qilishadi. Mabodo mayor Inomjon Mamatqulovni maqtaguday boʻlsangiz, kamtarlik bilan: “Xalq, davlat oldidagi burchimni bajaryapman, xolos”, — deydi.
Mana, stoli ustida yana bir ayblanuvchining yigʻmajildi. Ushbu shaxs Rossiya Federatsiyasida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilingan. U bankda ishlagan davrida fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, oʻzlashtirgan. Javobgarlikdan qutulish maqsadida Rossiyaga qochib ketgan.
Qoʻlga olingach, dastlabki tergov harakatlari chogʻida qariyb sakson million soʻmlik zararni qoplagan. Shu boisdan sud unga ozodlikni mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlagan. Ertaga u ozodlikka chiqariladi. Ayblanuvchi, gumon qilinuvchi shaxslar ozodlikka chiqqanida, har doim Inomjon ham ular bilan birga xursand boʻladi. Hozir ham yigʻmajildni koʻzdan kechirgach, quvonib turibdi.
— Oʻn uch yillik faoliyatim davomida bor-yoʻgʻi uch marta ustimdan shikoyat qilishgan, — deydi IIV huzuridagi JIED Uchinchi mintaqaviy hududi 8-tergov hibsxonasi maxsus hisob boʻlimi inspektori, mayor Inomjon Mamatqulov. — Lekin uchala holatda ham xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra xatti-harakatim qonunga muvofiq deb topilgan.
Buning sababi oddiy. Chunki qalbida adolat mayogʻi yonib turgan insonning yuzi hamisha yorugʻ boʻladi.
Oʻz muxbirimiz. Sirdaryo viloyati.
