Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Biz nima uchun kitob oʻqishimiz kerak” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi
2024-05-06 10:45:00 / Yangiliklar

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, “Liderlar kitobi” muallifi Otabek Abdurashidovich Hasanov, Institut rahbariyati va professor-oʻqituvchilari, xodimlari hamda “Fuqarolar bilan ishlash” moduli boʻyicha tahsil olayotgan tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida mavzuga oid videorolik namoyish etildi.
Davra suhbatini Institut boshligʻi, texnika fanlari nomzodi, dotsent, polkovnik Olimjon Axmedov kirish soʻzi bilan ochib, mehmonni tanishtirdi.
Tadbirda Otabek Hasanov bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlikka, xususan, yoshlarni kitob mutolaasiga ragʻbatlantirish borasida tinimsiz harakat olib borilayotganligini, tanlovlar, aksiyalar, uchrashuvlar, targʻibot tadbirlari oʻtkazilayotganligini, bularning zamirida bitta maqsad – aholini kitobxonlikka oʻrgatish, unutilayozgan anʼanalarni tiklash va ilmga yoʻnaltirish mujassamligi haqida maʼlumot berdi. Zero, ilmu maʼrifat, keng dunyoqarash, maʼnaviy yetuklik elu yurt taraqqiyotini, uning tinchligi va farovonligini belgilovchi omillardan biri sanalishini taʼkidladi.
Kitob oʻqish ahamiyati va oʻqimaslik oqibati haqda fikr-mulohazalar bildirdi. Oilada ham ota-onalar, kattalar oʻzi oʻqigan kitob haqida yosh avlodga gapirib berishni odat qilishi muhim, deydi notiq. -Farzandlar nima oʻqiyapti, kimning qanday asarini mutolaa qilyapti? Bu bilan qiziqishimiz, vaqti kelganda shu asar boʻyicha bahs-munozara qilishmiz kerak.
-Kitob oʻqimaslikka mingta bahonamiz bor, biroq kitob oʻqish uchun bitta boʻlsa ham bahona topaylik, bu – Insoniylikni saqlab qolish boʻlsin, dedi Otabek Hasanov.
Davra suhbati ishtirokchilarining kitob oʻqishga qiziqishini oshirish uchun oʻzining taklif va tavsiyalarini berdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmat