“Bek va Lola” loyihasi

“Bek va Lola” — Milliy qadriyatlar ruhidagi yangi avlod animatsiyasidir.
Loyiha haqida:
“Bek va Lola” — bu yosh avlod tarbiyasiga befarq bo‘lmagan ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan o‘zbek multserialidir. Ushbu loyiha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlovi asosida tashkil etilgan bo‘lib, “United Soft” studiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Multserial bugungi kun bolalarining yoshiga mos, zamonaviy uslubda, milliy ruh va qadriyatlarni saqlagan holda yaratilgan.
Asosiy g‘oya va maqsad:
Multserialining asosiy maqsadi — yosh tomoshabinlarda vatanga sadoqat, oilaviy qadriyatlar, do‘stlik, halollik va insoniylik tuyg‘ularini mustahkamlashdir. Multqahramonlarning harakati, dialoglari va hattoki ishlatilayotgan musiqalar ham bolalarga ona tilimiz va madaniyatimizni sevdirishga xizmat qiladi. Serialda rus tilidagi ommalashgan atamalar o‘rniga o‘zbek tilidagi muqobil atamalar qo‘llanadi.
Multserial ustida fidokorlik bilan ishlayotgan ijodiy guruh tarkibida:
- Professional animatorlar;
- O‘zbek folklori asosida musiqalar bastalovchi bastakorlar;
- Tajribali pedagoglar;
- Yosh animatorlar maktabining iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etmoqda.
Kelajakdagi rejalar:
- Yangi fasllar yaratish va muntazam e’lon qilish;
- Multserialni xalqaro platformalarda tarqatish;
- O‘zbek tilidagi animatsion kontentlar sonini oshirish;
- Animatorlar tayyorlash uchun mutaxassislar maktabini kengaytirish;
- Kreativ industriyalarda milliy animatsiyani ilgari surish;
- 2025-yil yakuniga qadar multserialning 35 ta qismini tayyorlash va YouTube platformasiga joylash.
