“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar” to‘g‘risida PQ–134-son qarori qabul qilindi
2026-04-09 12:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 7-aprel kuni Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar” to‘g‘risida PQ–134-son qarori qabul qilindi (https://lex.uz/docs/8124852).
🇺🇿 Qarorga muvofiq, Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatni o‘tashga chaqirilgan fuqarolarga bir qator imtiyoz va kafolatlar belgilandi. Jumladan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:
🔹muddatli xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining masofaviy ta’lim shakliga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tish, imtihonlarda ishtirok etish, natijasiga ko‘ra o‘qishga kirishga ruxsat beriladi;
🔹o‘qishni tamomlagandan so‘ng belgilangan tartibda “zaxiradagi leytenant” harbiy unvoni beriladi;
🔹respublika va xalqaro sport musobaqalarida yoki fan olimpiadalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan askarlar orasidan 100 nafari tanlov asosida saralab olinadi hamda oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga dastlabki saralash va maxsus kasbiy tanlov natijalariga ko‘ra test sinovlarisiz, suhbatsiz belgilangan yillik kvota doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qabul qilinadi;
🔹muddatli harbiy xizmat davrida Olimpiya va Osiyo o‘yinlari dasturlariga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan askarlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga mos yo‘nalishlarga test sinovlarisiz davlat granti asosida qabul qilinadi;
🔹2027-yil 1-apreldan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladi.
❗️Shuningdek, askarlar uchun harbiy qismlarda kasbga o‘qitish guruhlari shakllantiriladi hamda muvaffaqiyatli tamomlagan askarlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
