Aholi bilan muloqot tizimi samarali tashkil qilinadi
2026-04-06 15:45:00 / Yangiliklar

Farmon bilan aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirishning quyidagi maqsadlari belgilandi:
Aholi bilan davlat organlari o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlash
Xalq qabulxonalarining yagona vertikal tizimini joriy etish orqali ular faoliyatini samarali tashkil etish
Xalq qabulxonalarining “mahalla yettiligi”, davlat organlari va tashkilotlarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi (Axborot xizmatlari) bilan yaqin hamkorligini ta’minlash orqali murojaatlarni bevosita hududlarda qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishiga erishish
📝 Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan:
🔹 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi;
🔹 Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi;
🔹 aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida 1 marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;
🔹davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning ko‘rib chiqilishiga oid e’tirozlarni o‘rganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlarida aks ettiriladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimiyati tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Batafsil: https://lex.uz/docs/8113448
