Boysunda “Lazzatli Surxon” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi
2025-10-31 23:20:00 / Yangiliklar

Xalqaro tadbirda Termiz shahri va tumanlar pavilonlarida milliy taomlar namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari va suvenirlar ko‘rgazmasi, “Uzum sayli”, “Olma sayli”, “Anor sayli” kabi an’anaviy bayram tadbirlari, milliy etnik o‘yinlar va musobaqalar o‘tkazildi. Dunyoning qator davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, xorijlik va mahalliy sayyohlar Surxondaryoning o‘ziga xos milliy taomlari va turli mevalarning betakror ta’mini tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mehmonlar uchun tashkil etilgan galakonsertda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan estradamiz yulduzlari, shuningdek, Tojikistondan tashrif buyurgan san’atkorlar hamda Surxon vohasining iste’dodli xonandalari va ijodkorlari o‘z chiqishlari bilan tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashdilar.
Festival natijalariga ko‘ra:
• “Eng yaxshi milliy taom” nominatsiyasida Oltinsoy tumani;
• “Eng yaxshi oshpaz” nominatsiyasida Boysun tumani;
• "Eng faol hudud" nominatsiyasida Sherabod tumani g‘olib deb topildi.
Mazkur festival nafaqat Surxondaryo viloyatining o‘ziga xos taomlari va mehmondo‘stlik an’analarini targ‘ib etish, balki viloyatning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda tanitishda muhim qadam bo‘ldi.









