Berlinda O‘zbekiston va Ozarbayjonning qo‘shma turistik yo‘nalishi taqdim etildi
2026-10-20 17:55:00 / Yangiliklar

Tadbir “Milliy PR-markaz” davlat muassasasi va Ozarbayjon Turizm byurosi o‘rtasida 2026-yil iyul oyida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihasining bir qismi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi “Joint Silk Road Highlights Tour” qo‘shma turistik yo‘nalishini xalqaro bozorda ilgari surish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjonni yagona sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilishdan iborat.
20 dan ortiq kompaniya hamda Germaniya turizm sohasi vakillaridan iborat 40 nafardan ziyod ishtirokchi ishtirok etgan taqdimot doirasida Boku, Shamaxı, Sheki, Xiva, Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarning turistik salohiyatini birlashtiruvchi yo‘nalish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Germaniya turizm sohasi vakillari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish orqali yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va ikki mamlakatga sayyohlar oqimini oshirish masalalari ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning xalqaro turistik brendini mustahkamlash, Yevropa mamlakatlari bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab yangi xalqaro sayyohlik mahsulotlarini ommalashtirishga xizmat qiladi.









