Chexiyada O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
2026-10-20 16:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasi vakili ko‘magida o‘tkazilgan tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Chexiya Ta’lim vazirligi xodimlari, mahalliy sayyohlik kompaniyalar vakillari hamda avval O‘zbekistonda bo‘lgan chexiyalik sayyohlar ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy shaharlari va sayyohlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining betakror me’moriy obidalari, tarixiy maskanlari hamda sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilmasi alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini aks ettiruvchi videomateriallar namoyish qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan, avval mamlakatimizga sayohat qilgan chexiyalik mehmonlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, milliy urf-odatlari va xalqimizga xos samimiy mehmondo‘stlik haqida iliq fikrlar bildirdilar.
Taqdimotning yakuniy qismida o‘zbek milliy taomlari degustatsiyasi tashkil etildi. Mehmonlarga palov, somsa va an’anaviy shirinliklar tortiq etilib, milliy gastronomik merosimiz bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyatini Chexiyada keng targ‘ib etish, mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda xalqaro turizm aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.



