Xivada “Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
2026-10-20 09:50:00 / Yangiliklar

Milliy hunarmandchilik an’analarini keng targ‘ib etish, gilamdo‘zlik san’atining ko‘p asrlik tarixini, milliy naqsh va bezaklarning ramziy ma’nosini namoyish qilish hamda an’anaviy san’atni zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan hunarmandlar, shuningdek, xorijiy davlatlar vakillari va dizaynerlar ishtirok etdi.
Ikki kun davomida “Arda Xiva” majmuasida xalq sayli, kurash musobaqalari, dorbozlar va qo‘g‘irchoqbozlar chiqishlari tashkil etildi. An’anaviy gilam to‘qimachilik san’atiga bag‘ishlangan “Hunarmandlar shaharchasi”da esa milliy hunarmandchilik namunalari namoyish qilindi.
Ko‘rgazmaning birinchi kunida “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: an’ana va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda gilamdo‘zlik san’atining tarixiy ildizlari, milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va ularni zamonaviy yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Kun yakunida Xorazm xalfachilik san’ati va etno-dizaynerlar liboslari namoyishini o‘zida mujassam etgan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar “Ichan qal’a” majmuasidagi Ipakchilik muzeyi hamda taniqli gilamdo‘z usta Madraim Madraimovning ustaxonasiga tashrif buyurib, milliy hunarmandchilik an’analari bilan yaqindan tanishdi.
Ko‘rgazmaning yopilish marosimida ishtirokchilar diplom va sovrinlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, madaniy dastur doirasida gala-konsert namoyish etildi.
Xalqaro ko‘rgazmada respublikamizning turli hududlaridan 50 nafar hunarmand hamda xorijiy davlatlardan 20 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbir davomida turli gilamdo‘zlik maktablariga xos uslublar, milliy hunarmandchilik namunalari va xalqlarning boy madaniy merosi namoyish etildi.
“Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazmasi Xivaning boy madaniy merosini keng targ‘ib etish, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish hamda xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar hududning turizm salohiyatini namoyon etish va Xorazmga bo‘lgan sayyohlar qiziqishini yanada oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.









