Turizm qo‘mitasida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-10-19 12:50:00 / Yangiliklar

Ushbu yig‘ilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining Qo‘ng‘irot, Chimboy, Shovot, Hazorasp va Yangiariq tumanlarida, shuningdek, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Payariq tuman hamda shaharlarini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan fazoviy-hududiy rejalar va master rejalarni (Site Master Plans) ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlandi.
Loyiha ijrosi uchun xalqaro konsorsium — IDOM Consulting, Engineering and Architecture S.A.U (yetakchi — Ispaniya) hamda Kibera Technology MCHJ (O‘zbekiston) vakillaridan iborat tajribali Konsultantlar jamoasi jalb etilgan.
Uchrashuv davomida xalqaro konsultantlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati uchun ishlab chiqilayotgan hududiy strategiyaning asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi. Jumladan, quyidagi strategik va turistik rivojlanish ustuvorliklari muhokama qilindi:
1. Orol dengizi va madaniy meros obyektlarini birlashtiruvchi turizm tarmog‘i: Nukus, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq hamda Aral dengizini Ustyurt platosi, qadimiy qal’alar, shifobaxsh maskanlar va Xorazm viloyatining tarixiy obyektlari bilan tutashtiruvchi ko‘p tarmoqli turizm yo‘nalishlarini shakllantirish;
2. Nukus shahri — mintaqaviy xizmat ko‘rsatish va turizm habi: Nukus shahrini ta’lim, tibbiyot, bandlik va turizm loyihalari uchun asosiy markazga aylantirish;
3. Iqtisodiy va turistik diversifikatsiya: Qishloq xo‘jaligi va birlamchi mahsulotlarni qayta ishlashdan yuqori qiymatga ega xizmat ko‘rsatish, shu jumladan zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratishga o‘tish;
4. Ekologik barqarorlik va suv xavfsizligi: Orolbo‘yi hududida yashil hududlar, saksovulzorlar va "yashil belbog‘lar"ni barpo etish orqali hududiy turizm uchun qulay va ekologik xavfsiz muhit yaratish.
Konsultantlar jamoasi joriy yilning 13–19-oktyabr kunlari shaharsozlik, strategik va turistik rejalashtirish masalalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan uchrashuv hamda muloqotlar o‘tkazmoqda.
O‘tkazilgan ushbu yig‘ilish doirasida Turizm qo‘mitasining mas’ul xodimlari va mutaxassislari konsultantlar jamoasiga zarur ma’lumotlarni taqdim etish hamda hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash, yangi turistlar oqimini jalb qilish va master rejalarni amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirishdi.
Turizm qo‘mitasi va xalqaro ekspertlar jamoasi o‘rtasidagi bunday hamkorlik mamlakatimizning o‘rta shaharlari hamda olis tumanlarida turizm salohiyatini va mahalliy aholi turmush darajasini tubdan oshirishga xizmat qiladi.


