Surxondaryo viloyatining boy turizm salohiyati OAV nigohida
2026-10-16 14:30:00 / Yangiliklar

“Sangardak” turizm majmuasi o‘zining betakror tabiati, tog‘ manzaralari, so‘lim hududlari va sharsharasi bilan sayyohlar e’tiborini tortadi. Mazkur maskan tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish, ekoturizm va faol dam olishni istagan mahalliy hamda xorijiy sayyohlar uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda “Sangardak” turizm markazi hududida 152 ta loyihani amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 37 ta loyiha — mehmon uylari, bungalov va shale uylar, restoran, ayvonlar, ziplayn, arg‘imchoq hamda boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Avstriyaning “Doppelmayr Seilbahnen GmbH” kompaniyasi tomonidan 1535 metr uzunlikdagi zamonaviy dor yo‘li barpo etilib, tashrif buyuruvchilarga xizmat qilmoqda. Mazkur loyiha yiliga 800 ming nafargacha sayyohga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Press-tur doirasida OAV vakillari “Xonjiza” etnoturizm maskanida ham bo‘lib, hududning o‘ziga xos urf-odatlari, milliy qadriyatlari va mahalliy aholining turmush tarzi bilan tanishdilar. Bugungi kunda hududda o‘ndan ziyod zamonaviy yog‘och uychalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda hududda kattalar va bolalar uchun ziplayn, osma ko‘prik va boshqa xil xizmat turlar bor. Qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun bunday maskanlar nafaqat go‘zal tabiatdan bahramand bo‘lish, balki o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va mehmondo‘stligini yaqindan his etish imkonini beradi.
Tadbir davomida Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, hududning jozibadorligini oshirish hamda sayyohlar uchun yangi yo‘nalishlarni ommalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tabiiy va etnografik maskanlarni keng targ‘ib qilish orqali hududga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish imkoniyatlari namoyon etildi.
Mazkur press-tur orqali jurnalistlar Surxondaryoning turizm salohiyati haqida bevosita taassurot va ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. OAV va internet nashrlarida tayyorlanadigan materiallar viloyatning o‘ziga xos sayyohlik manzillarini keng targ‘ib qilish, ichki turizmni rivojlantirish hamda Surxondaryoni mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun jozibador yo‘nalish sifatida tanitishga xizmat qiladi.









