O‘zbekiston “TTG Travel Experience 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2026-10-14 17:50:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekiston milliy stendining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida mamlakatimizning turistik salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, O‘zbekistonning jozibador turistik yo‘nalish sifatidagi imidjini mustahkamlash hamda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Milliy stend doirasida ko‘rgazmada O‘zbekistonning 16 ta turoperatori hamda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari ishtirok etmoqda. Tadbirning birinchi kunida xorijiy turoperatorlar, turizm kompaniyalari va soha vakillari bilan qariyb 400 ta B2B uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlar yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish hamda istiqbolli kelishuvlarga erishish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.
Shuningdek, milliy stendda mamlakatimizning turistik imkoniyatlarini aks ettiruvchi axborot va reklama materiallari, videoroliklar hamda milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy an’analari, madaniy qadriyatlari va turizmni rivojlantirish borasidagi zamonaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning “TTG Travel Experience 2026” ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlash, xorijiy sayyohlarni jalb etish, shuningdek, Italiya va boshqa davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









