O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida ziyorat turizmi va madaniy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-13 09:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy va islomiy merosi, shuningdek, mamlakatda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi tarixiy obidalar hamda ziyoratgohlarni Polshadagi musulmon jamoalari orasida keng targ‘ib qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur markaz O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda namoyon etish, turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish hamda mamlakatning ziyorat turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini Polshada keng targ‘ib qilish, mahalliy ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, ziyoratgohlari va zamonaviy turistik yo‘nalishlari haqidagi materiallarni yoritish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Polsha blogerlari va OAV vakillari uchun O‘zbekistonga axborot-tanishuv safarlarini tashkil etish, shu orqali mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini keng auditoriyaga yetkazish, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida B2B uchrashuvlari o‘tkazish va Varshava-Toshkent-Varshava yo‘nalishida reyslar sonini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ziyorat turizmini rivojlantirish, Polsha musulmon jamoalari va O‘zbekiston turizm sohasi vakillari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Polsha tomoni vakillari joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif qilindi.



