MrBeast 9-oktyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi
2026-10-06 17:40:00 / Yangiliklar

“MrBeast” YouTube platformasidagi eng yirik auditoriyaga ega blogerlardan biri bo‘lib, uning kanallariga jami 500 milliondan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. “MrBeast” o‘zining yirik byudjetli, murakkab sahna ijrolari va katta sovrin jamg‘armalariga ega keng ko‘lamli video loyihalari bilan tanilgan.
Blogerning O‘zbekistonga tashrifi mamlakatning turistik va madaniy salohiyatini zamonaviy raqamli kommunikatsiyalar orqali keng xalqaro auditoriyaga namoyish etish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi. Bugungi kunda global turizm bozorida sayohat yo‘nalishlarini tanlashda ijtimoiy tarmoqlar, videokontent va mashhur kontent yaratuvchilarining ta’siri tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, MrBeastning O‘zbekistonda bo‘lishi mamlakatning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi, o‘ziga xos urf-odatlari va zamonaviy turistik imkoniyatlariga bo‘lgan xalqaro qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida Toshkentda jamoatchilik uchun interaktiv dastur o‘tkazilib, unda turli o‘yinlar va MrBeast ijodiga bag‘ishlangan viktorina tashkil etiladi. Tadbirda ishtirok etish bepul bo‘lib, 18 yoshdan katta bo‘lgan ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tgan arizalar orasidan kompyuter orqali tasodifiy tarzda saralanadi. Ro‘yxatdan o‘tish 8-oktyabr soat 12:00 gacha davom etadi.
MrBeastning O‘zbekistonga tashrifi mamlakatning xalqaro media makonidagi imidjini va turistik brendini kuchaytirish, shuningdek, yangi avlod sayohatchilari e’tiborini O‘zbekistonga jalb etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
