Ekoturizm sammiti natijalari: yangi bozorlar, qo‘shma marshrutlar va xalqaro savdo tarmog‘iga chiqish
2026-10-02 16:50:00 / Yangiliklar

2026-yil 26-avgust kuni Toshkent shahrida “Ekoturizm va barqaror turizm sammiti” bo‘lib o‘tgan edi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Xalqaro ekoturizm assotsiatsiyasi va “TravelShop Group” xalqaro sayyohlik tashkiloti hamkorlikda tashkil etdi. Mazkur sammit shu paytgacha Turkiya, Misr, Vyetnam va Tanzaniya kabi turizmi rivojlangan davlatlarda o‘tkazib kelingan. Bu yil O‘zbekiston unga ilk bor mezbonlik qildi.
Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 50 ga yaqin xorijiy turoperator, sayyohlik kompaniyalari rahbarlari va soha ekspertlari qatnashdi. Ular bilan birga 100 ga yaqin mahalliy turistik kompaniya va tadbirkorlik subyekti ham ishtirok etdi. Sammit doirasida eko va barqaror turizm hamda xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiya, shuningdek, mahalliy va xorijiy turizm subyektlari o‘rtasida esa B2B-muzokaralar tashkil etildi.
Muzokaralarda an’anaviy hamkor davlatlar bilan bir qatorda AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Italiya, Janubiy Afrika, Hindiston, Yangi Zelandiya va Malayziya kompaniyalari ham faol ishtirok etdi. Bu esa mamlakatimiz uchun istiqbolli bo‘lgan uzoq xorij bozorlaridan yangi hamkorlarni jalb etish hamda turizm sohasidagi hamkorlik geografiyasini sezilarli darajada kengaytirish imkonini berdi.
Sammitning muhim natijalaridan biri sifatida Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropa mamlakatlaridagi xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan musulmon diasporasiga xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar bilan aloqalar o‘rnatildi. Islom sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston bu toifadagi sayyohlar uchun boy ziyorat merosi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, qadimiy shaharlarimizning takrorlanmas me’moriy merosi, o‘ziga xos tog‘ kurortlari, musaffo tabiat maskanlari va milliy taomlarimiz ziyorat safarini yanada mazmunli qilishga xizmat qiladi. Ziyoratni madaniy, ekologik, tog‘ va dam olish turizmi bilan uyg‘unlashtirgan kompleks marshrutlar mehmonlarning yurtimizda bo‘lish muddatini uzaytirish hamda ularga mamlakatimizning butun go‘zalligini kashf etish imkonini beradi.
Erishilgan kelishuvlar asosida mahalliy turizm kompaniyalari “TravelShop Booking” xalqaro onlayn bron qilish platformasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Endi O‘zbekiston turistik mahsulotlarini xalqaro tarqatish tarmog‘i orqali sotish, bron qilish va to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Kompaniyalar raqamli marketing vositalaridan ham foydalana oladi.
Erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida 2026-yil 25–28-oktyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda mamlakatimizdan 10 dan ortiq turizm kompaniyasi ishtirok etib, milliy turistik mahsulotlarni xalqaro hamkorlarga bevosita taqdim etadi.
Umuman olganda, sammit yangi bozorlar bilan hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma marshrutlar yaratish, milliy turistik mahsulotni xalqaro raqamli savdo tarmog‘iga olib chiqish va xorijiy ko‘rgazmalarda izchil ishtirok etish uchun mustahkam zamin yaratdi. Turizm qo‘mitasi tomonidan erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash hamda uzoq xorij bozorlaridan sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.









