Jakartada O‘zbekiston–Indoneziya turizm forumi o‘tkazildi
2026-10-02 14:30:00 / Yangiliklar

Forum O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va mamlakatimizning Indoneziyadagi Elchixonasi ishtirokida tashkil etildi. Unda turizm va Umra yo‘nalishidagi uyushmalar, turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari hamda ikki mamlakat turizm biznesi vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, Buyuk ipak yo‘li shaharlari va boy islomiy merosi taqdim etildi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosi bilan bog‘liq ziyorat yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri “Umrah Plus Uzbekistan” dasturi bo‘ldi. U Umra safarini O‘zbekistondagi tarixiy va ziyorat maskanlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Dastur doirasida 2026-yil yakuniga qadar Umrah Plus yo‘nalishida turist jalb qiluvchi tegishli turoperatorlarga har bir turist uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
Forum doirasidagi G2B va B2B uchrashuvlarida qo‘shma turpaketlar, ziyorat yo‘nalishlarini targ‘ib qilish, turoperatorlar hamkorligi va turistlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi. Indoneziyaning AMPHURI va ASTAGATRA uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, “Centrum Holidays”, “Xorazm Umra Jamiyati”, “Family Mandarin”, “Musaffo turizm xizmati”, “Ziyarah Travel Official” va “BAIA Transport” kompaniyalarining indoneziyalik hamkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, shuningdek O‘zbekiston–Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Jakartadagi forum “Umrah Plus Uzbekistan”ni rivojlantirish, qo‘shma turpaketlar yaratish va Indoneziyadan O‘zbekistonga turistlar oqimini oshirish borasidagi hamkorlik uchun navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi.



