Turizm qo‘mitasida “Arup” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-10-01 13:00:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida O‘zbekistonda turizm sohasini barqaror rivojlantirish, yuqori turistik salohiyatga ega hududlarni kompleks o‘zlashtirish hamda zamonaviy turizm infratuzilmasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda turizm sohasi milliy iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida izchil rivojlanib, sohaning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda istiqbolli turizm hududlarini master-rejalar asosida kompleks rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning aprel oyidagi tegishli qarori bilan Turizm qo‘mitasi huzurida “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” DM tashkil etilgan bo‘lib, 2030-yilga qadar 30 ta yangi turizm hududini kompleks master-rejalar asosida rivojlantirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Shu nuqtayi nazardan mazkur loyihalarda “Arup” kompaniyasining ishtiroki muhokama qilindi.
“Arup” — 1946-yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan, dunyoning yetakchi muhandislik va konsalting kompaniyalaridan biri. Kompaniya yirik infratuzilmaviy, transport, shaharsozlik va turizm loyihalarini kompleks loyihalash va ularni amalga oshirishga hamrohlik qilishga ixtisoslashgan. Jumladan, bosh rejalashtirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona obyektlarini barpo etish hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. “Arup” kompaniyaning 37 davlatda 100 dan ortiq ofisi faoliyat yuritadi. Uchrashuv davomida kompaniya vakillari Toshkent shahrida ham o‘z vakolatxonasini ochish istagini bildirdi.
Kompaniya vakillari, shuningdek, 2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm” — 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY–2026) hamda yarmarka doirasida tashkil etiladigan Investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilindi. Mehmonlar mazkur tadbirlarda, jumladan, Investitsiya forumida spiker sifatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amaliy jihatdan rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Xususan, Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” DM bilan anglashuv memorandumini imzolash taklifi ma’qullandi.
