Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvoni ta’sis etiladi
2026-09-28 10:40:00 / Yangiliklar

Tabrikda qayd etilishicha, ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilishi, infratuzilmaning kengaytirilishi va tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar soha rivojiga yangi shiddat bag‘ishladi. 2025-yilda mamlakatimizga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016-yilga nisbatan salkam 6 barobar ortib, qariyb 12 million nafarga yetdi, turizm xizmatlari eksporti esa 11 karra ko‘payib, 4,8 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qildi, BMT Turizm tashkiloti esa mamlakatimizni dunyodagi eng tez o‘sayotgan beshta sayyohlik yo‘nalishi qatoriga kiritdi.
Qutlovda 2030-yilgacha bo‘lgan aniq marralar ham belgilab berildi: xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning YaIMdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish va yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini ikki karra ko‘paytirish. Shu maqsadda Xivada xalqaro turistik shaharcha barpo etilib, Ichanqal’a “aqlli” muzey-majmuaga aylantiriladi, Samarqandda Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi, Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi yo‘nalishlar ochiladi. Yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari bu marralarni egallashda, avvalo, yurtimiz tarixi va madaniyatini dunyoga targ‘ib etishni o‘z burchi deb biladigan soha vakillariga tayanilishini ta’kidladi.



