Butunjahon turizm kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi
2026-09-28 09:35:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida Prezident Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sh.Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasi vakillariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Davlat rahbarining tabrigida ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilishi, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengayishi turizm rivojiga kuchli turtki bergani ta’kidlangan. Jumladan, 2025-yilda yurtimizga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, bu yutuqlar zamirida sohada mehnat qilayotgan minglab insonlarning mashaqqatli mehnati turgani qayd etilgan.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan Prezident qutlovida ilgari surilgan soha xodimlari mehnatini munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi katta olqishlar bilan kutib olindi.
Ayniqsa, 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga oshirish, turizm xizmatlari eksportini 8 milliard dollardan ziyodga yetkazish kabi yuksak marralar sohada faoliyat yuritayotgan barcha mutasaddi va mutaxassislardan yangicha yondashuv, tashabbuskorlik va yuksak mas’uliyatni talab etadi.
Shu ma’noda, turizm sohasida mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning tashabbuslari, kasbiy mahorati va amaliy hissasini e’tirof etish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir doirasida ana shunday faol mutaxassislar, davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, ijtimoiy soha vakillariga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida, shuningdek, turizm sohasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va tashabbuslar ham namoyish etildi. Jumladan, Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Uzbek Gift Contest” respublika suvenir mahsulotlari tanlovining birinchi bosqichi yakunlari sarhisob qilindi. Tanlovga 600 dan ortiq ish kelib tushgan bo‘lib, hakamlar hay’ati tomonidan yog‘och, suyak va tosh o‘ymakorligi, kashtachilik, zargarlik, milliy qo‘g‘irchoqlar va to‘qimachilik yo‘nalishlarida 10 nafar eng yaxshi ijodkor aniqlandi va mukofotlandi.
Shuningdek, gastronomik turizmni rivojlantirishga qaratilgan “Gastro Marketplace” va “Tourist Friendly Restaurant” maxsus loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur tashabbuslar xizmat ko‘rsatish standartlarini yanada takomillashtirish, milliy taomlarni xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib qilish hamda O‘zbekistonning gastronomik salohiyatini turistik mahsulot sifatida rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirning madaniy qismida “Omadli mehmon” interaktiv viktorinasi tashkil etilib, g‘oliblarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun turistik yo‘llanmalar topshirildi. Bayram dasturi mamlakatimizning taniqli xonandalari ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi.









