O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2026-09-24 18:40:00 / Yangiliklar

Muloqotda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining turizm sohasini rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga qaratayotgan e’tibori alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Turkiyaning turizmni boshqarish, turistik hududlarni rivojlantirish, zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini shakllantirish va raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish hamda forum va B2B shaklidagi uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida Turkiya investorlari ishtirokida O‘zbekiston hududlarida zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish, shuningdek, turk xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakatga jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, aviatsiya sohasida esa “Turkish Airlines” va boshqa Turkiya aviakompaniyalari bilan sherikchilik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasi va imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish va sohaga doir loyihaviy master-rejalar tuzish maqsadida, jumladan, Kappadokiya universiteti bilan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” DM o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mutaxassislarni jalb qilish taklifi ilgari surildi va xorij tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Muloqotda O‘zbekistonning turizm salohiyatini Turkiya bozorida keng targ‘ib qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Turkiya teleradiokompaniyasi (TRT), Turkiya Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, media va press-turlar tashkil etish, raqamli platformalar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Jumladan, Turkiya hududida saqlanib qolgan “O‘zbek karvonsaroylari”ni O‘zbekiston turizm va madaniyat markazlariga aylantirish va ular orqali mamlakatimiz boy va serqirra sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ziyorat turizmi, Imom Buxoriy merosi, Islom sivilizatsiyasi markazi, kino va seriallar orqali O‘zbekistonning turistik salohiyatini Turkiya auditoriyasiga yetkazish bo‘yicha qo‘shma medialoyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari o‘zaro muhokama qilindi.
Uchrashuvda Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) bilan turizm va ta’lim asosidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda grant mablag‘larini jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish masalalarini ham yaqindan muhokama qildi.
Xususan, yarmarka doirasida “O‘zbekiston–Turkiya” turizm bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, Turkiya turizm sohasi vakillarini milliy stend bilan ishtirok etishga taklif qilish, shuningdek, “Invest Forum” tadbirida Turkiyaning hamkor davlat sifatida ishtirokini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda bildirilgan tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasida turistik oqimni yanada ko‘paytirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, aviaqatnovlarni rivojlantirish hamda turizm sohasida ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlar almashinuvini kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlandi.





