O‘zbek milliy taomlari restoranlariga “Tourist Friendly” maqomi beriladi
2026-09-24 10:15:00 / Yangiliklar

O‘zbek milliy taomlari an’anaviy ravishda go‘shtli va to‘yimli taomlari bilan mashhur. Shu sababli allergiyasi mavjud, muayyan parhezga amal qiladigan yoki vegetarian taomlarni afzal ko‘radigan sayohatchilar milliy taomlar bilan tanishishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Loyiha doirasida tanlab olingan restoranlarda an’anaviy taomlar bilan bir qatorda turli xil oziq-ovqat afzalliklari va cheklovlarini hisobga olgan taomlar ham taklif etiladi. Bunday restoranlar uchun ingliz tilidagi menyular ishlab chiqilib, ularda allergenlar — yong‘oq, kunjut, glyuten, laktoza kabi mahsulotlar aniq ko‘rsatiladi, taomlarning kaloriyalilik darajasi belgilanadi hamda alohida vegetarian taomlar, jumladan, sabzavotli kabob va vegetarian manti kabi taomlar taqdim etiladi. Bunday yondashuv turli xil oziq-ovqat ehtiyojlariga ega sayyohlarga O‘zbekiston milliy taomlaridan bahramand bo‘lish va o‘zlari uchun mos taomlarni tanlash, shu bilan birga milliy taomlarning an’anaviy ta’mlaridan voz kechmaslik imkonini beradi.
Mazkur maqsadda Turizm qo‘mitasi tomonidan restoranlar vakillari va oshpazlar uchun amaliy treninglar turkumi tashkil etilmoqda. Toshkent shahrida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi. Avvalroq Xorazm va Buxoro viloyatlarida ham shunday o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan bo‘lib, navbatdagi manzil Samarqand shahri bo‘ladi.
Mashg‘ulotlarda oshpazlarga taomlarning moslashtirilgan texnologik xaritalari taqdim etiladi, restoran xodimlariga esa xizmat ko‘rsatish hamda o‘zbek milliy taomlarini ingliz tilida taqdim etishning o‘ziga xos jihatlari o‘rgatiladi.
Shu bilan birga, treningda ishtirok etish restoranga “Tourist Friendly” maqomini avtomatik ravishda olish huquqini bermaydi. Mazkur jarayon restoranga yangi menyularni joriy etish va loyiha talablari asosida faoliyat yuritishni boshlash imkonini beradi. Yakuniy bahoni esa sayohatchilarning o‘zi beradi — ular QR-kodlarni skanerlab, ko‘rsatilgan xizmatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini qoldiradilar. Restoran yangi xizmat ko‘rsatish darajasini amalda tasdiqlab, mehmonlardan ijobiy fikrlar olganidan so‘ng unga rasman “Tourist Friendly” belgisi beriladi hamda xalqaro gidlar va turoperatorlarga tavsiya etiladigan restoranlar reyestriga kiritiladi.









