Marg‘ilonda xalqaro “Atlas bayrami” festivali tantanali ochildi
2026-09-17 12:30:00 / Yangiliklar

Festival doirasida Marg‘ilon shahridagi “Vodiy gavhari” — “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida “Atlas bayrami»ning tantanali ochilish marosimi hamda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, hunarmandchilik yarmarkasi, xalq sayillari va tomoshalari, jumladan, askiya va dorbozlik chiqishlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirlar dasturidan «An’anaviy to‘qimachilik — kreativ industriyaning muhim segmenti» mavzusidagi xalqaro konferensiya, an’anaviy to‘qimachilik va gilamdo‘zlik bo‘yicha mahorat darslari, shuningdek, innovatsion dizayn bo‘yicha mentorlik dasturi doirasidagi moda namoyishi ham o‘rin olgan.
“Atlas bayrami” doirasida Marg‘ilon shahrida hunarmandchilik, etno-dizayn va tadbirkorlik yo‘nalishlarida xalqaro treninglar ham tashkil etilmoqda. O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda xalqaro trenerlar va soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Treninglar doirasida zamonaviy moda va milliy matolar uyg‘unligi, kolleksiya va etno-brend yaratish, qadimiy kashtachilik usullari va an’anaviy naqshlarni zamonaviy ijodga tatbiq etish, shuningdek, hunarmandchilik sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Marg‘ilon azaldan atlas-adras, shoyi va ipak matolari, milliy hunarmandchilik va to‘qimachilik an’analari bilan mashhur. Bugungi kunda shahardagi hunarmandchilik markazlarida an’anaviy usullar asosida milliy matolar tayyorlanib, ulardan zamonaviy liboslar va turli amaliy buyumlar yaratilmoqda.
Shu jihatdan, “Atlas bayrami”ning aynan Marg‘ilonda o‘tkazilayotgani shaharning tarixiy-madaniy qiyofasi va hunarmandchilik salohiyati bilan uyg‘unlashib, uni xalqaro madaniy va etnografik turizm markazlaridan biri sifatida yanada keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Festival davomida xorijiy mehmonlar va mahalliy sayyohlar Marg‘ilonning an’anaviy to‘qimachilik maktabi, milliy matolar tayyorlash jarayoni, hunarmandlar ijodi va zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashgan amaliy san’at namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Xalqaro ishtirokchilarning Marg‘ilonga tashrifi esa hunarmandchilik sohasida tajriba va ijodiy g‘oyalar almashinuvini kuchaytirish bilan birga, shaharning turistik salohiyatini xorijiy auditoriyaga namoyish etish, yangi madaniy-turistik mahsulotlarni ilgari surish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.









