Koreyada O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdim etildi
2026-09-16 15:40:00 / Yangiliklar

Tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning asosiy turistik yo‘nalishlari, tarixiy shaharlari va madaniy meros obyektlari, shuningdek, turizmning turli turlarini rivojlantirish uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, O‘zbekistonni Koreya bozorida boy tarixga, o‘ziga xos madaniyat va an’analarga, shuningdek, xilma-xil turistik mahsulotlarga ega mamlakat sifatida targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Ekspozitsiyada milliy gastronomiya ham alohida o‘rin egalladi. Ko‘rgazma doirasida mehmonlar uchun o‘zbek milliy taomlari — palov, moshkichiri, no‘xat sho‘rak, jiz va qovurdoqdan iborat taomlar taqdimoti hamda degustatsiyasi tashkil etildi. Milliy taomlar namoyishi koreyalik mehmonlarni O‘zbekistonning gastronomik merosi va mamlakat turistik jozibadorligining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishtirish imkonini berdi.
Forumning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida B2B uchrashuvlar va muzokaralar ham o‘tkazildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy masalalar bilan bir qatorda, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy almashinuvni kengaytirish, turistik mahsulotlarni targ‘ib qilish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda Turizm qo‘mitasining ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash, soha vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonning turistik salohiyatini Koreya bozorida faol targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.



