Turizm sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyati va gid-tarjimonlar mehnati e’tirof etildi
2026-09-15 18:00:00 / Yangiliklar

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda turizm sohasining ilmiy va amaliy yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, tadqiqotchilar hamda gid-tarjimonlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida 2025–2026 yillar mobaynida turizm sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan 35 nafar tadqiqotchi olim hamda xorijiy va mahalliy sayyohlarga turistik obyektlar, tarixiy-madaniy meros va milliy qadriyatlar haqida professional ma’lumot berib kelayotgan 35 nafar gid-tarjimonga turizm sohasini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatda turizmni barqaror va jadal rivojlantirish bilan bir qatorda sohaning ilmiy-nazariy asoslarini takomillashtirish, zamonaviy yondashuvlar va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, turizm yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarning faoliyati sohada yangi bilim va yondashuvlarni shakllantirish, turistik salohiyatdan samarali foydalanish hamda raqobatbardosh turistik mahsulotlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, gid-tarjimonlar turistlarga mamlakatning boy tarixi, madaniy merosi, urf-odatlari va an’analari haqida ishonchli va sifatli ma’lumot yetkazish, O‘zbekistonning turistik jozibadorligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ularning kasbiy mahorati va til bilimi xorijiy mehmonlarda mamlakat haqida ijobiy taassurot shakllantirishda muhim omillardan biri hisoblanadi.
Tantanali tadbir doirasida ishtirokchilarga bildirilgan e’tirof turizm sohasida bilim, ilmiy izlanish va professional xizmat sifatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim ifodasi bo‘ldi.






