Xivada II xalqaro “Xorazm xonlari milliy taomlari” gastronomik festivali o‘tkaziladi
2026-09-15 09:40:00 / Yangiliklar

Ikki kun davomida festival ishtirokchilari Xorazmning boy gastronomik merosi, qadimiy retseptlari va milliy taomlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Tadbir doirasida 20 dan ortiq Xorazm milliy taomlari, shuningdek, turli mamlakatlar oshxonasiga mansub 10 ga yaqin xorijiy taomlar tayyorlanadi.
Xorazm dasturxonidan tuxum barak, ko‘k barak, qovoq barak, shivit oshi, manti, gumma, ijjon, go‘shtli qovurma, dimlama, qozon kabob, jigar kabob, tuncha sho‘rva, mastava, patir, bo‘g‘irsoq, qatlama kabi milliy taomlar o‘rin oladi. Shuningdek, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya va Italiya milliy taomlari ham taqdim etiladi.
Festival doirasida gastronomik bellashuvlar tashkil etilib, g‘oliblar uchun qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari beriladi.
Mazkur festival Xorazmning milliy gastronomik merosini keng targ‘ib qilish, hududning gastronomik turizm salohiyatini namoyish etish hamda xalqaro miqyosda turli xalqlar oshxonasi va madaniyatlarini bir maydonda jamlashga xizmat qiladi.





