Sirdaryoda IV–III asrlarga oid “Eski Xovos” yodgorligiga infotur tashkil etildi
2026-09-11 16:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolari ishtirok etdi. Tashrif chog‘ida mehmonlar Xovos tumanining bir qator diqqatga sazovor turistik manzillari, muqaddas qadamjolari va tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishdi.
“Eski Xovos” — Sirdaryo viloyatidagi ellinistik davrga oid eng qadimiy va muhim arxeologik obyektlardan biri. Manzilgohda hayot miloddan avvalgi IV–III asrlarda boshlangan bo‘lib, hududda uzluksiz yashash XX asr o‘rtalarigacha — 1953-yilgacha davom etgan. Yodgorlik butun Ustrushona mintaqasi tarixini o‘rganishda etalon obida sanaladi.
Obyektning umumiy maydoni 10–12 gektarni tashkil etadi. Uning markaziy Ark qismi 2 gektardan iborat bo‘lib, bugungi kunga qadar saqlanib qolgan ark devorlarining balandligi 15 metrga yetadi. Qadimda bu yerda yashagan aholini suv bilan ta’minlash uchun Sho‘rbuloqsoydan maxsus kanal qazilgan, ushbu sun’iy suv inshooti 1812-yilgacha xizmat qilgani aniqlangan.
Arxeologlar M. Masson va A. Gritsina olib borgan qazishmalar davomida hududdan umumiy qalinligi 14 metrga yetadigan madaniy qatlam ochilgan. Bu yerdan ellinistik davrga xos g‘ishtli devor qoldiqlari, qadimiy chiroqlar, sopol idishlar, ulkan tegirmon toshlari hamda hosildorlik ma’budasi — Anaxita haykalchasi kabi noyob tarixiy ashyolar topilgan.
Hozirda “Eski Xovos” shaharchasi xarobalari davlat muhofazasiga olingan madaniy meros obyekti hisoblanadi. Xovosobod (Karvonsaroy) qishlog‘i yaqinida joylashgan yodgorlik sayyohlar va tarix ixlosmandlari uchun ajdodlarimizning ko‘p asrlik hayot tarzidan hikoya qiluvchi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini o‘tamoqda.



