Anqarada turizm sohasida xalqaro tajriba almashinuvi bo‘lib o‘tdi
2026-09-11 14:35:00 / Yangiliklar

Mazkur xalqaro dasturda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etib, Turkiyaning turizm industriyasini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribasi, institutsional yondashuvlari hamda destinatsiyalarni boshqarish va targ‘ib etishning zamonaviy mexanizmlarini o‘rgandilar.
Treningning asosiy yo‘nalishlaridan biri destinatsiyalarni boshqarish (destination management) va destinatsiyalar marketingi (destination marketing) bo‘lib, unda turistik hududlarning raqobatbardoshligini oshirish, turistik oqimlarni samarali boshqarish, hududiy turizm brendini shakllantirish va xalqaro bozorlarda destinatsiyani pozitsiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, yangi turizm yo‘nalishlari va tematik turistik mahsulotlarni shakllantirish, madaniy va gastronomik turizm salohiyatidan samarali foydalanish, turistlar uchun yaxlit va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega turistik tajribalarni yaratish bo‘yicha Turkiya tajribasi o‘rganildi.
Dastur doirasida raqamli marketing va turizm brendingi, zamonaviy kommunikatsiya kanallaridan foydalanish, raqamli platformalar orqali xalqaro auditoriyani jalb etish hamda turizm destinatsiyalarining xalqaro imijini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Xalqaro turizm bozorlariga chiqish va maqsadli bozorlar bilan ishlash mexanizmlari yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, turistik destinatsiyalarni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish, maqsadli auditoriyalarni segmentatsiya qilish, marketing kampaniyalarining samaradorligini oshirish hamda turizm sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Trening davomida Turkiya va Turkiy davlatlar o‘rtasida turizm hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro turistik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma marketing va targ‘ibot kampaniyalarini amalga oshirish, turistik yo‘nalishlarni birgalikda ilgari surish hamda xalqaro turizm bozorlarida yagona mintaqaviy turizm takliflarini shakllantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Dastur ishtirokchilari, shuningdek, Anqaraning muhim turizm obyektlari va destinatsiyalariga tashrif buyurib, shahar turizmi (urban tourism), madaniy meros obyektlarini turizmga integratsiya qilish, turistik infratuzilmani rivojlantirish va destinatsiyani boshqarish bo‘yicha amaliy tajriba bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javob va professional fikr almashinuvi tashkil etilib, treningda ishtirok etganlarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur xalqaro trening O‘zbekiston turizm industriyasining institutsional va professional salohiyatini oshirish, xalqaro amaliyotdagi samarali destinatsion boshqaruv va marketing mexanizmlarini o‘rganish, turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish hamda Turkiya va boshqa turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.



