O‘zbekiston va ICAO o‘rtasida turizm va aviatsiya sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
2026-09-11 11:35:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ICAO faoliyati, tashkilotning xalqaro fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishdagi o‘rni hamda O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashildi.
N.Rollo ICAO BMTning ixtisoslashgan muassasasi sifatida 193 ta davlat o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishi, xalqaro aviatsiya standartlari va tavsiyalarini ishlab chiqishi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning aviatsiya sohasi Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. ICAO va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlik izchil mustahkamlanib, mamlakat aeroportlari infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasining turizmni rivojlantirishdagi muhim o‘rni ham alohida qayd etildi. Xususan, xalqaro aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi, parvozlar uchun qulay shart-sharoitlarning yaratilishi va aeroportlar xizmatlari sifatining oshirilishi O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi turistik bozorlarni o‘zlashtirish hamda mamlakatning xalqaro turizm salohiyatini yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, xalqaro sayyohlik oqimini oshirish hamda aviatsiya va turizm o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘nalishlarida birgalikdagi ishlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.



