Turizm qo‘mitasida ichki turizmni rivojlantirish va aholi sayohatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-09-11 10:05:00 / Yangiliklar

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov rahbarligida o‘tkazilgan uchrashuv ichki turizmni rivojlantirish, aholining sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish va mahallalarda turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish orqali bandlikni oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Unda Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, Mahallalar uyushmasi ichki turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi turistik tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda aholining mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, hududlar o‘rtasida turistik oqimni oshirish va qulay turistik xizmatlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, vodiy viloyatlaridan Samarqand, Buxoro va Xorazmga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, transport xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, mamlakatning turistik salohiyati, tarixiy-madaniy meros obyektlari, tabiiy hududlar va yangi turistik mahsulotlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ichki turizm yo‘nalishlarini ommalashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda vodiy viloyatlari aholisi uchun Tojikiston hududi orqali Samarqand va Buxoroga turistik sayohatlarni ID-karta asosida tashkil etishni pilot loyiha sifatida amalga oshirish, qulay marshrutlar ishlab chiqish va transport xizmatlarini muvofiqlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Alohida e’tibor bolalar va o‘quvchilar sayohatlarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport nazorati va tashkiliy jarayonlarni soddalashtirishga qaratildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish hamda ichki turizmni rivojlantirish va aholi sayohatlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan vazifalar belgilandi.



