Indoneziyalik investorlar O‘zbekistonda turizm loyihalarini kengaytirishga qiziqish bildirmoqda
2026-09-10 09:20:00 / Yangiliklar

Tomonlar turizm sohasida hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish, Indoneziyadan Samarqand va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish, yangi mehmonxonalar va indonez milliy taomlari restoranini ochish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Ma’lumot uchun: Indoneziyaning “EGI Resources” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda turizm sohasida investitsiyaviy va mehmondo‘stlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya tomonidan Samarqanddagi “Hadith Hotel Al Bukhori” mehmonxonasini boshqarish, Toshkentdagi “Meccah Hotel” loyihasi “Kampoeng Indonesia Hotel”ni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatimizga Indoneziyadan tashrif buyuradigan sayyohlar oqimini oshirish hamda O‘zbekistonda turizm yo‘nalishida yaratilgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish maqsadida indoneziyalik turoperatorlari uchun infotur tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Muzokaralar Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Tadjiyev va “EGI-Resources” kompaniyasiga tegishli “EGI Media” korxonasi rahbari Ivel Sastra uchrashuvi bilan davom etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning turistik salohiyatini Indoneziyada keng targ‘ib qilish va ikki mamlakat o‘rtasida turistik almashinuvni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, targ‘ibot kampaniyalarini boshlashdan avval Indoneziya auditoriyasining turistik qiziqishlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnomalar va tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish taklif etildi.
Shuningdek, Indoneziyada ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar va media platformalar orqali O‘zbekistonning ziyorat, madaniy, gastronomik va boshqa turizm yo‘nalishlarini targ‘ib qilish, ommaviy madaniy tadbirlar va mashhur san’atkorlar ishtirokida o‘tkazilayotgan konsertlarni turistik mahsulot sifatida keng namoyish etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Indoneziyadagi mashhur inflyuenserlar uchun O‘zbekistonga press-turlar tashkil etish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya vakillari Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2026)da ishtirok etishga taklif etildi.




